Кафедра тарихи

Sud tibbiyoti va tibbiyot xuquqi

kafedrasi tarixi

Kafedraning tarixi 1920 yilda Turkiston Davlat universiteti tarkibida tibbiyot fakultetining tashkil etilishi bilan bog‘liq. Dastlabki yillarda kafedra kurs tarzida umumiy patologiya kafedrasi (mudir – professor V.V.Vasilevskiy), gistologiya kafedrasi (mudir – professor Ye.M.Shlyaxtin) tarkibida bo‘lgan. Kafedra bir xonada joylashgan bo‘lib, sud tibbiyoti bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari sud tibbiyoti sohisada mutaxassis bo‘lmagan yuqorida qayd etilgan kafedralar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan.

Ilin Aleksandr Stepanovich (1854-1932) – tibbiyot fanlari doktori, professor. 1922-1928 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

1882 yilda Peterburg harbiy akademiyasining tibbiyot fakultetini tugatgan. Rus-yapon urushi qatnashchisi. A.S.Ilin kafedra faoliyatini yo‘lga qo‘yishda katta xizmat qilgan. U kafedra muzeyiga asos solgan, universitet tibbiyot fakulteti fundamental kutubxonasining asoschilaridan biridir. Professor A.S.Ilin rahbarligida 2 doktorlik va 5 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1922 yilda kafedra mudiri etib saylangan va kafedra faoliyati ancha jonlangan. Kafedraga qo‘shimcha xonalar berilib, ularda laboratoriya tashkil etilgan. Shahar kasalxonasi hududidagi sobiq butxona binosida morg jihozlanib, unda murdalar sud-tibbiy ekspertizasi o‘tkazilgan. Kafedradagi o‘quv jarayoniga sud-tibbiy ekspert V.S.Yelkin hamda normal anatomiya kafedrasi professori, Toshkent harbiy okurugi sud-tibbiy vrachi S.E.Simmerman jalb qilingan. Kafedrada pedagogik jarayon amaliy faoliyat bilan birga olib borilgan. Ayni shu yillarda kafedra muzeyiga asos solingan.

A.S.Ilin tomonidan sud-tibbiy ekspertiza xizmati uchun mutaxassislarni tayyorlashga katta e’tibor berilgan. Xususan, kafedrada Yu.A.Blinovskiy, A.M.Geller, M.G.Itskina, N.F.Kolosova, M.A.Startseva, M.N.Skorobogatova, I.P.Alekseev, M.Zvirin kabi vrachlar sud-tibbiy ekspertiza bo‘yicha ixtisos tayyorgarligidan o‘tgan. 1928 yilda kafedrada tayyorlangan 6 vrach – sud-tibbiy ekspertlar joylarda (Andijon, Samarqand, Farg‘ona, Xo‘jand, Termiz shaharlarida) sud-tibbiy ekspertiza xizmatini tashkil eta boshlagan.

Markovin Ivan Vasilevich (1878-1946) – tibbiyot fanlari doktori, professor, xizmat ko‘rsatgan fan arbobi. 1928-1946 yillarda kafedra mudiri bo‘lgan.

1908 yilda Moskva universitetining tibbiyot fakultetini tugallagan. Birinchi jahon urushi qatnashchisi. 1923 yilda “Mekoniyning morfologik tarkibi va uning sud-tibbiy ahamiyati” mavzusida dissertatsiya yoqlagan. 1936 yilda ilmiy ishlar majmui uchun tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasi berilgan. Respublika sud-tibbiy ekspertiza kabinetining asoschisi. Qator yillar davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh sud-tibbiy eksperti, urush yillarida esa Respublika Harbiy tribunalining bosh tibbiyot eksperti bo‘lgan. I.V.Markovin Toshkent yuridik institutida sud tibbiyoti kursini ham olib borgan. I.V.Markovin ko‘plab ilmiy ishlar muallifi, uning rahbarligida bir nomzodlik dissertatsiyasi himoya qilingan.

1928 yilda kafedra mudiri lavozimiga professor I.V.Markovin saylangan va u 1946 yilgacha ushbu lavozimda ishlagan. Kafedra qoshidagi sud-tibbiy laboratoriya faoliyati ancha kengaytirilgan. Laboratoriyaga farmatsiya magistri V.I.Sheblikin rahbarlik qilgan, sud-kimyoviy ekspertizalar V.L.Pijova, sud-biologik ekspertizalar esa M.S.Kalyazina tomonidan xam o‘tkazilgan. Mazkur laboratoriya O‘zbekistondan tashqari, O‘rta Osiyoning boshqa respublikalari sud-tergov idoralariga xizmat qilgan. I.V.Markovin kafedra muzeyi fondini boyitishga katta e’tibor bergan. Keyinchalik ushbu muzeyda 1500 dan ortiq eksponatlar, asosan makropreparatlar bo‘lgan. Talabalar tirik shaxslar va murdalar sud-tibbiy ekspertizalarida qatnashgan.

1928 yilda kafedrada professor I.V.Markovindan tashqari katta assistent A.S.Ilin, o‘qituvchilar S.E.Simmerman, V.I.Щeblikin, Yu.A.Blinovskiy va boshqalar ishlagan. O‘quv jarayoni ma’ruza, seminar va amaliy mashg‘ulotlardan tarkib topgan.

1935 yilda kafedra assistentlari lavozimida N.F.Kolosova, Yu.F.Monkovskaya, B.V.Matveev va O.G.Maslova ishlay boshlagan.

1940 yilda kafedra 8 xonadan iborat alohida binoga ko‘chirilgan. Bu davrda A.U.Gafurov, D.A.Muxin, S.A.Jangalieva, A.V.Beshkarovlar sud-tibbiy ekspertiza bo‘yicha ixtisoslashtirish tayyorgarligidan o‘tgan.

Ikkinchi jahon urushi davrida kafedraning ayrim xodimlari frontga mobilizatsiya qilinganligi sababli kafedraga yangi xodimlar – S.A.Jangalieva, Morozova (Moskvadan), L.L.Sotnikova (Xarkovdan), Ye.M.Zernitskaya (Leningraddan) taklif qilingan.

Urushdan keyingi dastlabki yillarda ayrim xodimlarning reevakuatsiyasi sababli kafedrani mutaxassislar bilan ta’minlash masalasi vujudga kelgan. Bu davrda kafedrada Yu.F.Monkovskaya, V.I.Щeblikin, armiya safidan demobilizatsiya qilingan L.V.Shifris ishlagan. Kafedra qoshidagi aspiranturaga urush qatnashchilari T.Q.Qushoqov va A.R.Rahimovlar qabul qilingan.

Kafedra xodimlari tomonidan qayta, asosan uchinchi instantsiya ekspertizalari o‘tkazilgan. Ular ko‘p holatlarda joylarga borgan holda murakkab sud-tibbiy ekspertizalarni o‘tkazgan.

Professor I.V.Markovin tomonidan va uning rahbarligida kafedrada ashyoviy dalillar, mekoniy, yurak va perikardning mexanik jarohatlari, tug‘ma nuqsonlar va boshqa mavzular bo‘yicha ilmiy izlanishlar olib borilgan.

Kolosova Nina Fedorovna (1902-1969) – tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent, xizmat ko‘rsatgan vrach. 1946-1953 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

1927 yilda O‘rta Osiyo Davlat universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan. 1945 yilda “Qo‘l-oyoqlar tug‘ma nuqsonlarining sud-tibbiy ahamiyati” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Qator yillar davomida N.F.Kolosova Toshkent yuridik institutida sud tibbiyoti kursini ham olib borgan. U tomonidan 1939 yilda tayyorlangan “Murda tekshiruvlarini o‘tkazish va protokollarni rasmiylashtirish bo‘yicha qisqa qo‘llanma” sud-tibbiy ekspertiza amaliyotini takomillashtirishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan. Ikki yil davomida Sog‘liqni saqlash vazirligining bosh sud-tibbiy eksperti lavozimida ishlagan.

1946-1953 yillarda kafedraga professor I.V.Markovinning shogirdi dotsent N.F.Kolosova rahbarlik qilgan. N.F.Kolosovaning ilmiy faoliyati asosan tug‘ma nuqsonlarning sud-tibbiy ahamiyatini o‘rganishga bag‘ishlangan. Ushbu davrda kafedrada sud-tibbiy ekspertiza bo‘yicha L.M.Nekrasova, L.G.Kirillova, M.Tuvman, Ye.T.Shishkova, S.D.Blyaxman, S.M.Rubinov, L.M.Belenkaya, Sarichev, Ye.S.Prigojin kabi mutaxassislar tayyorlangan.

 

Shahobiddinov Sirojiddin Shahobiddinovich (1920-1978) – tibbiyot fanlari doktori. 1953-1963 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

1942 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugatgan. 1946 yilda “Prostata bezi innervatsiyasining yosh bilan bog‘liq xususiyatlari” mavzusida nomzodlik, 1973 yilda “ Pushti gorchak bilan zaharlanishda hayvonlardagi morfologik va ayrim funktsional o‘zgarishlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan. 1951-1953 yillarda institutning anatomiya kafedrasi mudiri bo‘lgan. 1953-1963 yillarda bir paytning o‘zida Sog‘liqni saqlash vazirligining sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosi boshlig‘i, vazirlikning bosh sud-tibbiy eksperti lavozimida ishlagan.

1953-1963 yillar davrida sud tibbiyoti kafedrasiga dotsent S.Sh.Shahobiddinov rahbarlik qilgan. Bu davrda ilmiy tadqiqotlar asosan tarkibida alkaloid saqlovchi o‘simliklarning toksikologiyasi mavzusiga bag‘ishlangan. S.Sh.Shahobiddinov kafedraning moddiy texnik bazasini mustahkamlash va uning sud-tibbiy ekspertiza muassasalari bilan aloqasini yaxshilashga katta e’tibor bergan.

 

Eydlin Lazar Markovich (1898-1978) – tibbiyot fanlari doktori, professor. Kafedraga 1963-1966 yillarda rahbarlik qilgan.

1924 yilda Tomsk universitetining tibbiyot fakultetini tugatgan. 1937 yilda ilmiy ishlar majmui uchun tibbiyot fanlari doktori ilmiy darajasi be

rilgan. Sud tibbiyotining dolzarb masalalariga bag‘ishlangan 80 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Xususan, 1965 yilda uning “O‘q otar jarohatlar” monografiyasining 3-nashri chiqarilgan. Professor L.M.Eydlin rahbarligida 1 doktorlik va 4 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1963-1966 yillarda kafedraga professor L.M.Eydlin rahbarlik qilgan. Ushbu davrda kafedra assistentlari bo‘lib I.G.Shafeev, B.V.Matveev, T.Q.Qushokov, A.R.Rahimov, S.S.Nodel, O.P.Kan ishlaganlar. Professor L.M.Eydlinning ilmiy izlanishlari asosan o‘q otar jarohatlar va ashyoviy dalillarning sud-tibbiy ekspertizasi masalalariga bag‘ishlangan. Keyinchalik professor L.M.Eydlin rahbarligida V.A.Akbarov, L.I.Kazantsev nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilganlar.

 

 

Rahimov Anvar Rahimovich (1923 – 1990) – tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent. 1966-1971 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

1944 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugatgan. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1966 yilda “Noletal avtomobil jarohatlar sud-tibbiy ekspertizasi materiallari” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlagan. Transport travmasi hollarida sud-tibbiy ekspertiza masalalariga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy ishlar muallifi.1966-1971 yillarda kafedra mudiri lavozimida dotsent A.R.Rahimov ishlagan. Undan tashqari kafedrada assistentlar V.A.Akbarov, E.A.Sobchak, G‘.M.Bekmuhamedov,T.G‘.G‘ulomov, Q.Nazarbekov, J.Mahkamov, V.F.Smirnov, Yu.S.Braunerg faoliyat ko‘rsatgan. 1970 yilda kafedraga stajer-tadqiqotchi sifatida R.A.Akchurina (R.A.Isaeva), B.A.Sodiqov, Sh.R.Ismoilova ishga kabul kilingan. Dotsent A.R.Rahimov noletal avtomobil travmasi, assistent V.A.Akbarov ko‘krak kafasi yopiq jarohatlari mavzusida ilmiy ishlar olib borgan.

 

 

 

To‘laganov Pozil Jo‘raevich (1924-1998) – tibbiyot fanlari doktori, professor. 1971-1976 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1952 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugallagan va institutning patologik anatomiya kafedrasida aspiranturada qoldirilgan. 1956 yilda – nomzodlik, 1970 -yilda “Kichik yoshdagi bolalarda ichak kasalliklari bilan bog‘liq toksikozlarda ichki a’zolar va bosh miyadagi patologo-anatomik o‘zgarishlar” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.

 

1957 yilda Andijon tibbiyot institutida patologik anatomiya kafedrasini tashkil etib, 1965 yilgacha ushbu kafedraga mudirlik qilgan. 1965-1971

yillarda dastlab Toshkent Davlat tibbiyot institutining markaziy ilmiy-tadqiqot laboratoriyasi bo‘limi mudiri, keyinchalik institutning patologik anatomiya kafedrasiga rahbarlik qilgan. 1976-1988 yillarda Toshkent vrachlar malakasini oshirish instituti patologik anatomiya kafedrasi mudiri bo‘lib ishlagan. Keyinchalik Birinchi Toshkent tibbiyot institutining patologik anatomiya kafedrasida professor-maslahatchi bo‘lib ishlagan.

P.J.To‘laganov 5 monografiya, qator o‘quv qo‘llanmalar, risolalar, 120 dan ortiq ilmiy ishlar muallifi. Uning rahbarligida tibbiyotning turli sohalari bo‘yicha 20 doktorlik, nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

1971-1976 yillarda kafedra mudiri bo‘lib professor P.J.To‘laganov ishlagan. Bu davrda kafedrada ilmiy ishlar jonlangan. Jumladan, tibbiyotning boshqa sohalari vakillari bilan aloqani mustahkamlashga e’tibor qaratilgan. Mazkur davrda kafedrada assistentlar A.A.Yo‘ldoshev, G.M.Bekmuhamedov, Sh.I.Ismoilova faoliyat ko‘rsatgan. R.A.Isaeva, B.A.Sodiqov, Z.A.G‘iyosov, Sh.Y.Beknazarov, X.A.Nodirov, L.A.Kim – aspirant, stajyor-tadqiqotchi bo‘lgan, ularning ayrimlari keyinchalik kafedrada assistent, dotsent lavozimlarida ishlashgan.

Kafedrada ilmiy tadqiqotlar zaharli ximikatlar toksikologiyasi, nozo‘raki o‘lim, yangi tug‘ilgan chaqaloqlar murdalarining sud-tibbiy ekspertizasi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘tkazilgan. Professor P.J.To‘laganov rahbarligida Z.A.G‘iyosov, R.A.Isaeva, Sh.Y.Beknazarov nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilgan. Bulardan tashqari professor P.J.To‘laganov tibbiyotning boshka sohalari – patologik anatomiya, akusherlik-ginekologiya, stomatologiya bo‘yicha dissertatsiyalarga rahbarlik qilgan.

Jalolov Jalil Jalolovich (1932-2012) – tibbiyot fanlari doktori, professor. 1976-2003 yillarda kafedraga rahbarlik qilgan.

1955 yilda Samarqand Davlat tibbiyot institutini tugallagan va institutning teri va tanosil kasalliklari kafedrasida klinik ordinaturaga qoldirilgan. 1957-1967 yillar Samarqand viloyati sud tibbiy ekspertiza byurosida sud tibbiy ekspert, bo‘lim boshlig‘i lavozimida ishlagan. 1968-1975 yillar Samarqand Davlat tibbiyot institutining sud tibbiyoti kafedrasi assistenti, katta o‘qituvchisi bo‘lib ishlagan. 1975 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutining sud tibbiyoti kafedrasi dotsenti, 1976 yildan 2003 yilgacha sud tibbiyoti kafedrasi mudiri, keyinchalik shu kafedra professori lavozimida ishlagan.

1967 yilda “Sperma va uning dog‘larini sud tibbiyotiga oid tekshirishning yangi imkoniyatlari” mavzusidagi nomzodlik va 1982 yilda “Gemoglobin, xolin, spermin i nordon fosfatazani xromatografiya usulida sud tibbiyoti maqsadida tekshirish” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyalarini yoqlagan.

Professor J.J.Jalolov 300 ortiq ilmiy ishlar, 1 darslik, 4 monografiya, 50 yaqin ixtiro va ratsionalizatorlik guvohnomalari, 20 ortiq uslubiy-amaliy qo‘llanmalar muallifi. Uning rahbarligida 1 ta doktorlik va 10 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilindi.

1976 yildan 2003 yilga qadar kafedraga professor J.J.Jalolov rahbarlik qilgan. Bu davrda kafedraning bazasini mustahkamlashga e’tibor qaratilib, 1993 yilda sobik 2-ToshMI klinikalari hududida kafedraning bazasi bo‘lib xizmat qiluvchi Bosh byuro, keyinchalik Toshkent shahar sud-tibbiy ekspertiza byurosining filiali tashkil qilingan. Mazkur filialda sud-tibbiy ambulatoriya, morfologik bo‘lim hamda sud-biologik laboratoriyalar faoliyat ko‘rsatib, talabalar uchun amaliy o‘quv mashg‘ulotlari bevosita ushbu tuzilmalarda sud-tibbiy ekspertizalar o‘tkazish bilan birga olib borilgan.

Mazkur davrning turli yillarida kafedrada dotsentlar –A.A.Yo‘ldoshev, R.A.Isaeva, Sh.Y.Beknazarov, B.S.Abdullaev, B.A.Yeshmuratov, A.Sh.Aydarqulov, I.I.Bahriev, katta o‘qituvchilar – V.D.Soy, A.S.Sodiqov, assistentlar – B.A.Sodiqov, M.A.Rahimov, S.Alimov, T.G‘.G‘aniev, E.X.Jumaniyazov, F.N.Lochinov, O‘.Ro‘ziev ishlagan.

Kafedrada asosan turli ashyoviy dalillarni tekshirish mavzulariga bag‘ishlangan ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Professor J.J.Jalolov rahbarligida Z.A.G‘iyosov – doktorlik, B.S.Abdullaev, A.Sh.Aydarqulov, B.A.Yeshmuratov, A.T.Kuchkinov, S.N.Ibadullaev, I.I.Bahriev, F.N.Lochinov, E.X.Jumaniyozov, T.J.Ahmedov, M.A.Hasanova – nomzodlik dissertatsiya-larini himoya qilganlar.

G‘iyosov Zayniddin Asomiddinovich (1950 y.t.) – tibbiyot fanlari doktori, professor. Kafedraga 2003-2012 yillarda rahbarlik qilgan.

 

1973 yilda Toshkent Davlat tibbiyot institutini tugallagan. 1973-1979 yillarda institutning sud tibbiyoti kafedrasida aspirant, assistent bo‘lgan. 1993-2003 yillarda ushbu kafedra dotsenti, professori bo‘lib ishlagan.

1977 yilda “Nogahon yurak o‘limining ayrim turlarida autoimmun o‘zgarishlarning ahamiyati” mavzusida, 1995 yilda “O‘zbekistonda bolalar o‘limi sabablarining sud-tibbiy tavsifi” mavzusida doktorlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

1984-2012 yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi sud-tibbiy ekspertiza Bosh byurosi boshlig‘i, vazirlikning bosh sud-tibbiy eksperti bo‘lib ishlagan. 1993 yilda Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida sud tibbiyoti kursini tashkil qilgan va ayni paytgacha ushbu kursning professori.

Z.A.G‘iyosov  4 darslik, 4 monografiya, 8 amaliy, o‘quv qo‘llanmalar, ko‘plab ilmiy ishlar muallifi. Uning rahbarligida 2 doktorlik, 8 nomzodlik dissertatsiyalari himoya qilingan.2003-2012 yillarda kafedraga professor Z.A.G‘iyosov rahbarlik qilgan. Oliy tibbiy ta’lim tizimiga yangi – “Vrach faoliyatining huquqiy asoslari” fani kiritilishi sababli 2003 yildan boshlab kafedra “Sud tibbiyoti va tibbiyot huquqi kafedrasi” deb nomlana boshlagan. 2005 yilda ikki tibbiyot instituti negizida Toshkent tibbiyot akademiyasi tashkil etilib, yagona kafedra faoliyat ko‘rsata boshlagan.

Bu davrda kafedrada professor J.J.Jalolov, dotsentlar Sh.Yu.Beknazarov, R.A.Isaeva, I.I.Bahriev, katta o‘qituvchi A.S.Sodiqov, assistentlar E.X.Jumaniyozov, T.J.Ahmedov, Z.O.Ulug‘ov, B.T.Yoqubov, J.Sh.Beknazarov, T.R.Karimov, B.A.Abdukarimov ishlagan.

Kafedrada ilmiy tadqiqotlar ashyoviy dalillarni tekshirish, nozo‘raki o‘lim, transport travmasi, o‘z-o‘zini o‘ldirish, tibbiy faoliyatning huquqiy masalalari mavzularida olib borilgan. Professor Z.A.G‘iyosov rahbarligida S.I.Indiaminov va Sh.E.Islomov doktorlik, H.R.Haydarov, B.T.Xolmatova, O.I.Ismoilov, Q.A.Maxsumxonov, Z.B.Xolmatov, F.G‘.G‘aniev, R.D.Yoqubjonov, G.B.Shodiev nomzodlik dissertatsiyalarini himoya qilgan.

2012 yildan xozirgi kunga qadar kafedraga dotsent I.I.Bahriev rahbarlik qilib kelmoqda.

 

Baxriev Ibrohim Isomadinovich (1965 y.t.) – tibbiyot fanlari nomzodi, dotsent. 2012 yildan kafedra mudiri.

1988 yilda Samarqand Davlat tibbiyot institutini tamomlagan. 1988-1991 yillarda – institutning klinik pediatriya kafedrasi assistenti. 1992-1995 yillarda – Ikkinchi Toshkent Davlat tibbiyot instituti sud tibbiyoti kafedrasi aspiranti. 1995-2012 yillarda ushbu kafedra assistenti, dotsenti lavozimlarida ishlagan.

1997 yilda “Ayrim bo‘shliq suyuqliklarida gaptoglobinni sud-tibbiy maqsadda tekshirish” mavzusida nomzodlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

I.I.Bahriev 5 o‘quv qo‘llanma va uslubiy tavsiyalar, 50 ortiq ilmiy maqola va tezislar muallifidir. Uning rahbarligida 8 magistrlik dissertatsiyalari himoya qilingan.

 

 

Kafedrada professor Z.A.G‘iyosov, dotsentlar Sh.Yu.Beknazarov, E.X.Jumaniyozov, katta o‘qituvchi, t.f.n. M.A.Hasanova, assistentlar: t.f.n. T.J.Ahmedov, t.f.n. R.Z.Xikmatullaev, S.A.Xakimov, N.X.Ahmedova va S.B.Sultanov faoliyat ko‘rsatishayapti.

Kafedrada ilmiy ishlar asosan ashyoviy dalillarni tekshirish, nozo‘raki o‘lim, o‘z-o‘zini o‘ldirish, tibbiy faoliyatning huquqiy masalalari mavzularida olib borilmoqda.