Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov tashabbusi bilan buyuk ajdodlarimiz merosini chuqur o‘rganish, ularning xotirasini abadiylashtirish, asarlarida ilgari surilgan ezgu g‘oyalarni keng targ‘ib etish borasida salmoqli ishlar qilinmoqda. Jumladan, Zahiriddin Muhammad Boburning hayoti, ijodi va faoliyatini mukammal tadqiq etish, asarlarini xalqimizga asl holicha yetkazish, merosini to‘laligicha tiklash va kelajak avlodlarga yetishini ta’minlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
1994 yili O‘zbekiston Fanlar akademiyasining “Fan” nashriyotida shoirning yangi she’riy devoni nashr etildi. Ushbu kitob ilgarigi nashrlarda yo‘l qo‘yilgan nuqsonlar bartaraf etilgan holda o‘quvchilarga taqdim qilindi.
“Boburnoma” muhim qomusiy manba sifatida nafaqat mamlakatimiz, balki, jahon adabiyotining ham nodir namunasi sanaladi. Olimlarning mazkur kitobni o‘rganishga oid izchil ilmiy izlanishlari tufayli keyingi yillarda “Boburnoma”ning yangi nashri chop etildi. Unda ilgarigi talqin etilmagan so‘z va iboralarning aniq sharhi berilgan.
Bobur Andijonda hukmronlik qilgan yillarida Bog‘ishamol adirlarida turib ona yurtini tomosha qilishni xush ko‘rar, bu yerda yozgi bog‘ barpo etishni niyat qilar ekan. Oradan qariyb besh asr o‘tib shoirning bu orzusi ro‘yobga chiqdi. Istiqlolning dastlabki yillarida bu yerda milliy bog‘ barpo etilib, unga Bobur nomi berildi. Uch yuz gektar maydonni egallagan ushbu bog‘da milliy uslubda bezatilgan darvoza, yodgorlik majmuasi va muzey mavjud. Shoirning ramziy maqbarasi qurilib, unga Bobur mangu qo‘nim topgan go‘shadan tuproq olib kelib qo‘yilgan.
1992 yili tashkil etilgan Bobur xalqaro jamg‘armasi Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa buyuk allomalarimizning hayoti, ijodi va faoliyatiga oid ma’lumotlarni jamlash, xorijda saqlanayotgan noyob asarlarni izlab topish va ularni yurtimizga qaytarishdek xayrli ishlarda faol ishtirok etmoqda. O‘tgan yillari ana shu maqsadda ko‘plab xalqaro ilmiy ekspeditsiyalar tashkil etildi. Yigirmadan ziyod xorijiy davlatda ilmiy-tadqiqot ishlari olib borildi. Buning natijasida ko‘plab noyob qo‘lyozma va toshbosma manbalar hamda ularning nusxalari yurtimizga qaytarildi.
“Boburnoma”ning yangi, to‘ldirilgan nashri, uning fors tilida bitilgan nusxasi, Istanbuldan topilgan qo‘lyozma bo‘yicha qayta tiklangan “Bobur devoni”, boburiylar sulolasi haqidagi “Buyuk Akbar” kitobi, “Mehri Nimro‘z”, “G‘olibnoma”, “Tarixi Farishta” asarlari shular jumlasidandir.
– Boburshunoslikda “Xatti Boburiy” deb nom olgan alifbo haqida ko‘p ma’lumotlar mavjud edi, – deydi adabiyotshunos olim Saidbek Hasanov. – Biroq, yurtimizda uning nusxasi yo‘q edi. Gap shundaki, Bobur o‘z davrida arab alifbosini turkiy talaffuzga moslab isloh qilgan va ushbu alifboda Qur’oni karimni ko‘chirib, Makkai mukarramaga yuborgan. Jamg‘arma mutaxassislarining sa’y-harakati bilan Mashhad shahridagi Imom Rizo majmuasi muzeyida saqlanayotgan “Xatti Boburiy”da ko‘chirilgan Qur’oni karim nusxasi yurtimizga olib kelindi. Hozirgi vaqtda bu noyob manbani tadqiq etish ustida ish olib borilmoqda.
Ana shunday ilmiy-amaliy izlanishlar tufayli Bobur asarlarining mamlakatimiz va xorijdagi kutubxona hamda muzeylarda saqlanayotgan asosiy qo‘lyozmalari nusxasi mamlakatimizga olib kelindi. Ushbu manba O‘zbekiston Fanlar akademiyasining Alisher Navoiy nomidagi adabiyot muzeyida saqlanmoqda. Bu nodir ashyo kelgusida boburshunoslik sohasini o‘rganuvchi yosh tadqiqotchilar va shoir ijodi ixlosmandlariga ilmiy-amaliy izlanishlar olib borishida asosiy manba bo‘lib xizmat qiladi.
Bobur merosini o‘qib o‘rganishga xorijda ham qiziqish tobora ortib borayotir. “Boburnoma”ning o‘ttizdan ortiq tilda chop etilgani, jahondagi yetmishdan ziyod muzeyda Bobur va uning avlodlari davriga oid bebaho manbalar saqlanayotgani buning isbotidir. Mamlakatimiz olimlari bilan bir qatorda xorijlik mutaxassislar ham boburshunoslik sohasida salmoqli ilmiy- tadqiqotlarni amalga oshirayotir.
Hind olimi Qamar Raisning “Zahiriddin Muhammad Bobur shaxsi va she’riyati” kitobi, yaponiyalik mashhur sharqshunos olim, professor Eyji Manoning to‘rt jildlik ilmiy asarlar to‘plami, “Bobur va uning davri” deb nomlangan ilmiy-tarixiy asari chop etildi.